#
  • Soha yangiliklari
  • 21 - Iyun, 2021
  • 151

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uy-joylarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga subsidiya ajratiladi

O‘zbekistonda 2021-yil 1-oktabrdan qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi hamda mazkur muddatga ko‘p kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining kafolat muddati joriy qilinadi. Bu haqda 19-iyun kuni qabul qilingan “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarorida so‘z boradi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.

Qarorga ko‘ra, har bir ko‘p kvartirali uy-joyning kadastr pasportida ko‘p kvartirali uy-joyga tutash yer uchastkasi to‘g‘risida ma’lumotlar majburiy tartibda bo‘lishi shart.

2022-yil 1-yanvardan mulkdorlarning boshqaruvchi oldida qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda, uning miqdori uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini rasmiylashtirishda notarial idoralar tomonidan tegishli shartnomada aks ettiriladi va yangi mulkdor ushbu qarzdorlik haqida ogohlantiriladi.

Ko‘p kvartirali uy-joylarda yashovchi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga majburiy badalni to‘lab berish uchun subsidiya ajratiladi.

Qarorga muvofiq, quyidagi masalalar bo‘yicha umumiy yig‘ilishning qarori, agar uni yoqlab uy-joy mulkdorlari yoki ular vakillarining 80 foizidan ko‘prog‘i ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi:

  • ko‘p kvartirali uy-joyga tutash hududlarda yangi obyektlarni qurish;
  • mulkdorlar amal qilishi majburiy bo‘lgan ko‘p kvartirali uy-joylarda umumiy mol-mulkni boshqarishning talab va qoidalarini tasdiqlash;
  • ko‘p kvartirali uy-joy uchun qarz va kreditlarni jalb qilish.

2021-yil 1-avgustgacha loyiha doirasida biriktirilgan hududlar, 2022-yil 1-yanvarga qadar esa butun respublika hududlarida ko‘p kvartirali uy-joyga xizmat ko‘rsatish jarayoniga uy-joy mulkdorlarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va ularning tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda billing tizimi joriy qilinadi.

Shuningdek, 2021-yil 1-oktabrgacha ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqaruvchilarning elektron reyestri ishga tushiriladi.  2021-yil 1-iyuldan ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish usuli shirkatlardan boshqaruvchi tashkilotlarga o‘tgan uy-joylar uchun jalb qilingan kreditlarning muddatini, mahalliy hokimliklar kafilligi asosida uch yilgacha uzaytirish choralari ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-mart kuni uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Unda davlat rahbari “2021-yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlashimiz zarur”, deb ta’kidlagandi.